Dorixonada beriladigan tovar va kassa cheki nima uchun kerak?

03.02.2023 2229

"Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomda, dorixonada dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga:

✅ identifikatsiya maʼlumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori),
✅ dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar, 
✅ berish sanasi va narxi ko‘rsatilgan tovar cheki berilishi belgilangan.

Xarid uchun chek berish majburiymi? 

Yurtimizda 2020 yilning yanvar oyidan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga o‘tish jarayoni boshlandi. 

Dorixonalarda har bir xarid QR kodli chek berish bilan birga amalga oshirilishi lozim. Bunday cheklar qonuniy faoliyatdan guvohlik beradi. Ular faqat onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalardan beriladi.

Maʼlumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli  (https://lex.uz/docs/4502381)farmoniga muvofiq: 

- to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga terminal cheki bilan birga onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart;
- xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi, shuningdek QR kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra:

Nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qo‘llanilishi majburiy bo‘lgani holda, ularni qo‘llamasdan savdo qilish va xizmat ko‘rsatish, chek bermaslik, to‘lovni hisob-kitob terminali orqali qabul qilishni rad etish besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Hurmatli isteʼmolchilar.

Agar dorixonada tovar cheki birishni rad etish holatiga duch kelsangiz, shuningdek Sizga QR kodli chek berilmasa va plastik karta orqali xarid qilganingizda narx oshirilsa, Coliq qo‘mitasining (71) 244-98-98 ishonch telefoniga yoki Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

Tovar cheklarining ahamiyatli tomoni shundaki, agar isteʼmolchida dori vositasining narxi oshirilganligi xususida shubha yuzaga kelsa, uni aniqlash tovar cheklari orqali amalga oshiriladi.

Muzaffar Rajabov
Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi mutaxassisi

Davlat markazi Axborot xizmati