Retseptsiz berish mumkin bo‘lmagan dorilarni retseptsiz sotganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

31.01.2023 1276

Muhabbat Ibragimova, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi:

Tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi va psixotrop moddalar, giyohvandlik vositalari mavjud bo‘lmagan va tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilangan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 165¹-moddasiga ko‘ra:

tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi;

tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186³-moddasiga ko‘ra, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi 818-son qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, unda 78 turdagi kuchli taʼsir qiluvchi modda jumladan, 4 turdagi “Zaleplon”, “Pregabalin”, “Tropikamid”, “Siklopentolat” dori vositalari o‘rin egallagan.

Yuqorida qayd etilgan javobgarlikka oid qonunchilikdagi o‘zgarishlar 2020 yil 23 oktyabrdan kuchga kirgan.

Davlat markazi Axborot xizmati