2022 yilda umumiy qiymati 90.57 mlrd so‘m bo‘lgan dori vositalariga sertifikat berish rad etildi

04.01.2023 1908

Respublikamizdagi Farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish organlariga bo‘lgan murojaatlar asosida 2022 yil davomida taqdim qilingan dori vositalari belgilangan tartibda sertfikatlashtirish uchun tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tahlillar natijasiga ko‘ra 24 ta davlatda jumladan, Avstriya, Argentina, Armaniston, Bangladesh, Belorussiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Makedoniya, Gollandiya, Pokiston, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Shveysariya davlati hamda yurtimizda ishlab chiqarilgan 271 turdagi 3 382 502 shartli o‘ram, umumiy qiymati 90.57 mlrd so‘m bo‘lgan dori vositalari (to‘liq ro‘yxat) sertifikatlashtirish jarayonida nomuvofiqligi aniqlanib qo‘llash uchun yaroqsiz deb topildi hamda sertifikatlashtirilishi rad etilib, mazkur sifatsiz dori vositalarining muomalaga chiqarilishini oldi olindi.

Maʼlumot uchun, «Muvofiqlik sertifikati» — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona nizom (ro‘yxat raqami 80-son 21.02.2022)ga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi!

Davlat markazi Axborot xizmati