Antibiotiklarni qabul qilishda nimalarga eʼtibor berish kerak?

12.10.2022 2441

Antibiotiklarni qabul qilishning asosiy qoidalari nimalardan iborat? Mavzu yuzasidan “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” Axborot xizmati Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Elvira Svechnikovaga savol bilan murojaat qildi.

Antibiotiklarni faqat shifokor ko‘rsatmasiga binoan oling.

Faqatgina shifokor sizga antibiotiklarni qabul qilish kerakmi yoki yo‘qligi bo‘yicha tavsiya bera oladi.

Hech qachon shifokoringizdan antibiotiklar yozib berishini so‘ramang!

Agar Siz talab qilsangiz, baʼzi shifokorlar sizga maxsus ko‘rsatmalarsiz mikroblarga qarshi vositalarini ham buyurishi mumkin. Shuningdek, siz dorixonada biror dori vositasini xarid qilayotganingizda farmatsevt sizga shunga o‘xshash boshqa dori vositasini tavsiya qilishi mumkin. Bu holatda Siz shifokor bilan dori preparatni almashtirish bo‘yicha kelishishingiz yoki shifokor tomonidan belgilangan dozani buzmaslik uchun farmatsevtdan tarkibi va faol moddasi bo‘yicha maʼlumotlarni aniqlashtirishingiz zarur bo‘ladi.

Davolash samarali bo‘lishi uchun antibiotiklarga sezuvchanlikni aniqlash uchun bakterial sinama topshiring!

Ushbu tahlil natijalari shifokorga antibakterial dori preparatni to‘g‘ri tanlashga yordam beradi.

Dozani to‘g‘ri qabul qilinishiga har doim etibor qarating!

Dori preparatining dozasini kamaytirish barcha patogen bakteriyalar o‘lmasligiga olib kelishi mumkin.

Dori preparatni qabul qilish vaqtiga qatiy rioya qiling!

Dori preparatning qondagi konsentratsiyasini bir meʼyorda ushlab antibiotikni aniq vaqtda qabul qilish kerak. Misol uchun, agar Sizga kuniga dori preparatni bir marta ichish buyurilgan bo‘lsa, keyingi dozani 24 soat o‘tgach qabul qilish kerak. Agar kuniga 2 marta bo‘lsa – har 12 soatdan keyin qabul qilinadi.

Antibiotik qabul qilgandan so‘ng ahvolingiz yaxshilansa ham, uni qabul qilishni to‘xtatmang!

Yuqorida aytib o‘tilgandek, ahvolingiz yaxshilanishi bu sog‘ayganligingizni bildirmaydi. Ehtimol, infeksiya zaiflashgan, ammo butunlay yo‘qolmagan bo‘lishi mumkin.

Tabletka shakldagi dori preparatlarini suv bilan iching va ko‘p miqdorda suyuqlik qabul qiling!

Antibiotiklarni sut, sut mahsulotlari, choy, qahva va sharbatlar bilan ichish tavsiya etilmaydi. Infeksiyani tanadan tezda chiqib ketishi uchun ko‘p miqdorda suv ichish tavsiya qilinadi.

Davolanish samara bermayotganini sezsangiz, belgilangan qabul sanasidan oldin shifokoringizga murojaat qiling.

Agar antibiotik qabul qilganingizdan so‘ng to‘rt kun ichida ahvolingiz yaxshilanmasa, shifokoringiz bilan maslahatlashing. Shifokor dozani o‘zgartirishi yoki boshqa dori preparatini buyurishi mumkin.

Qabul qilingan antibiotiklar xaqidagi maʼlumotlarni yozib yuring.

Avallari qanday dori vositalarini qancha dozada va qanday kasalliklarni davolashda qabul qilganingizni, qabul qilganingizda (agar) nojo‘ya taʼsir kuzatilgan bo‘lsa bu bo‘yicha maʼlumotlarni albatta yozib boring.

Antibiotiklarning yaroqlilik muddatini tekshirishni unutmang.

Yaroqlilik muddati o‘tgan dori preparatlarini aslo qabul qilmang.

Hurmatli yurtdoshlar!

Dori vositalarni qo‘llash chog‘ida uning nojo‘ya taʼsir holatiga duch kelsangiz, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markaziga murojaat qiling. Buning uchun xabarnoma kartasi shaklini yuklab olishingiz va to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi.

Word shaklida to‘ldirilgan xabarnoma kartasi shakllarini quyidagi elektron pochtaga - farmakonadzor@ssv.uz yoki 100002, Toshkent sh., Ozod ko‘chasi, K. Umarov tor ko‘chasi, 16-uy manziliga jo‘nating.

Murojaat uchun: (71) 203-01-01 | 4144

Davlat markazi Axborot xizmati