Farmakonazorat: Dori vositalari tomonidan bolalarda ovqat hazm qilish aʼzolarining shikastlanishi

26.09.2022 6123

Yoshi kattalarni davolashdagi kabi pediatrik amaliyotda davolash vaqtida qo‘llanilayotgan dori vositalarining bola organizmiga bo‘lgan taʼsirini o‘rganish juda muhimdir! Shifokor va farmatsevtlar bolalarga bittadan ortiq dori vositasi buyurilganda jigar shikastlanishi (gepatit, xolestaz, fibroz, steatogepatit) mumkinligini yodda tutishlari zarur.

Bolalar uchun eng xavfli bo‘lgan dori vositalaridan biri tuberkulyoz, onkogematologik va psixonevrologik patologiyalarni davolashda qo‘llaniladigan vositalardir.

Quyidagi dori guruhlari bolalarda gepatotoksik reaksiyalarni keltirib chiqaradi:

▪️narkozda qo‘llanadigan preparatlar;
▪️rifampitsin;
▪️nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalar;
▪️sulfanilamidlar;
▪️antiretrovirus vositalar;
▪️metotreksat.

Agar bola noto‘g‘ri ovqatlansa yoki unda surunkali protein yetishmovchiligi bo‘lsa dori preparatlarni qabul qilganda jigar shikastlanishining ehtimoli ancha yuqori bo‘ladi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, barcha pankreatit holatlarining 1,4 - 2% ni dori pankreatiti tashkil etishi mumkin.

Quyidagi dori preparatlari meʼda osti bezining dori preparatlaridan shikastlanishini keltirib chiqaradi:

▪️azatioprin;
▪️gipotiazid;
▪️furosemid;
▪️sulfanilamidlar;
▪️metronidazol;
▪️nitrofuranlar;
▪️tetratsiklinlar va boshqa dorilar.

Glyukokortikosteroidlar, o‘z navbatida, “steroid” pankreatitga olib kelishga qodir.

Hurmatli yurtdoshlar! Agarda Siz dori vositalarni qo‘llash chog‘ida uning nojo‘ya taʼsir holatiga duch kelsangiz, belgilangan tartibda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markaziga murojaat qiling. Buning uchun xabarnoma kartasi shaklini yuklab olishingiz va to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi.

Word shaklida to‘ldirilgan xabarnoma kartasi shakllarini quyidagi elektron pochtaga - farmakonadzor@ssv.uz yoki 100002, Toshkent sh., Ozod ko‘chasi, K. Umarov tor ko‘chasi, 16-uy manziliga jo‘natishingiz kerak.

Murojaat uchun: (71) 203-01-01 | 4144

Davlat markazi Axborot xizmati