Ro'yxatdan o'tmagan dori vositalarini sotgan dorixona litsenziyasi bekor qilindi

22.01.2024 1483

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida Toshkent shahar, Yunusobod tumani 8-mavze, 22-uy, 38-xonadon manzilida joylashgan “Med-X” MCHJga tegishli dorixonada tekshiruv oʻtkazilganda, tahlillar natijasiga koʻra, 4 turdagi dori vositasi tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi hamda ushbu dori vositalarining muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlangan.

Yuqoridagi holat boʻyicha, “Med-X” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun 2020-yil 17-sentyabr kuni berilgan 478-sonli litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Med-X” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib o’tamiz, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiq sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi