Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni

30.01.2025 433

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni (PF-13-son, 28.01.2025-y.) qabul qilindi.

Unga koʻra, bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ushbu dori vositalarining barchasiga nisbatan eng past referent narx qoʻllanadi (dori moddalari (substansiya) ishlab chiqaruvchilarida farq boʻlgan hollar bundan mustasno).

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar quyidagi hollarda avtomatik ravishda (tadbirkor murojaatisiz) qayta koʻrib chiqiladi:

xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan qiymati dori vositasiga qayd etilgan oxirgi qiymatdan 3 foiz yuqori boʻlsa – har yilning yanvar va iyul oylarida;

xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan qiymati dori vositasiga qayd etilgan oxirgi qiymatdan 5 foiz yuqori boʻlsa-muddatidan avval.