O‘zbekiston farmakopeyasini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishda USP bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi bosh muharriri, f.f.d professor X. Jalilov, amaliy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan USP'ning Yaqin Sharq va Afrika xududi Tartibga solish masalalari va davlat siyosati bo‘yicha mintaqaviy rahbari Zakiya Al-Kurdi bilan uchrashdi.
Unda kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, xususan, sifat standartlarini ishlab chiqish va uyg‘unlashtirish, AQSH Farmakopeyasidan onlayn foydalanish, USP Education platformasiga ulanish, sohada kadrlar malakasini oshirish hamda boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy texnologiyalarni soha amaliyotiga joriy etish maqsadlariga erishishda texnik va resurslar jihatidan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, Markazning Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi tomonidan USP 47-NF-42 (USP 2024) farmakopeya maqolalariga muvofiq, milliy farmakopeya monografiyalarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda USP'ning 31 ta farmakopeya monografiyasi ishlab chiqilib, davlat tilida tayyorlandi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 6 avgustdagi 258-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining birinchi nashri birinchi jildiga ilovalar sifatida qabul qilindi hamda tegishli ekspertizadan o‘tkazildi.
Ayni kunlarda Milliy farmakopeyani USP'ga uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.