Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Markaz faoliyati bilan tanishdi

31.10.2024 615

Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Markaz faoliyati bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasiga tashrif buyurdi.

Mehmonlar markaz laboratoriyalarida boʻlib, uning ilmiy va texnik salohiyati, zamonaviy uskunalar yordamida olib borilayotgan tahlil jarayonlari, xususan, turli xil biologik va kimyoviy tahlil usullari yordamida dori vositalari tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni aniqlash va ularni klassifikatsiya qilish, shuningdek, bu yoʻnalishda qoʻllanilayotgan ilgʻor metodlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida, Oʻzbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024-2028-yillarga moʻljallangan Milliy strategiyadagi vazifalarni amalga oshirishda markaz foliyatiga ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda yangi innovatsion tadqiqot usullarini joriy qilish, giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash jarayonini toʻliq raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

 Shuningdek, yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni sotish va ularning noqonuniy muomalasi, shu jumladan dori vositalarining notibbiy maqsadlarda isteʼmol qilinishini oldini olish yuzasidan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejalar belgilab olindi.