Markaz mutaxassislari Janubiy Koreyada malaka oshirmoqda

29.10.2024 287

Markaz mutaxassislari Janubiy Koreyada malaka oshirmoqda

Farmatsevtika sohasi jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, mazkur sohadagi xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish juda muhim ahamiyatga ega. Innovatsiyalar va texnologik yutuqlar sohani oʻzgartirib, zamonaviy davolash usullarini kiritmoqda. Shuning uchun farmatsevtlar va boshqa soha vakillari yangi bilim va koʻnikmalarni egallab, oʻz malakalarini muntazam ravishda yangilab borishlari talab etiladi.

Janubiy Koreyaning GTH-B (Global Training Hub for Biomanufacturing) markazida oʻtkazilayotgan oʻquv dasturi ham ayni shu maqsadga qaratilgan. Unda 44 mamlakatdan saralab tanlangan 140 ishtirokchi malaka oshirmoqda. Ular orasida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" DMining ikki nafar mutaxassisi, Kamola Hakimova hamda Dilafroʻz Muydinovalar ham bor.

JSST hamkorligida har yili tashkil etiladigan mazkur oʻquv kursi – vaksinalar, biotibbiyot mahsulotlarini xavfsizligi va samaradorligini taʼminlash boʻyicha eng zamonaviy texnologiyalar, amaliyotlar va ilmiy tajribalarni oʻrganishga yoʻnaltirilgan.

Kurs davomida ishtirokchilar xalqaro standartlar asosida vaksinalarni ishlab chiqarish, sifat nazorati va laboratoriya jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etishadi.