Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari to‘g‘risidagi xabardorlik darajasi oshiriladi

01.04.2024 1572

Senatning ellik birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda farmatsevtika va kimyo sanoatini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda rivojlantirish hamda unga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur Qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga dori moddalarini (substansiyalarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Shu bilan birga “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklovchi, shuningdek retseptsiz yoki shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotni ularning tibbiyotda qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat reyestrida ko‘rsatish talabini joriy etuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

 

Bundan tashqari, import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunga yuridik shaxslarga IV ro‘yxat doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni tegishli litsenziyalarga asosan ishlab chiqarish va tayyorlash huquqini beruvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun aholining va tadbirkorlik subyektlarining tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati