Bugun poyxatimizda Toshkent farmatsevtika instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Ibn Sino jamoat fondi bilan hamkorlikda “Abu Ali ibn Sino va zamonaviy farmatsevtikada innovatsiyalar” mavzusidagi anʼanaviy VII xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻz ishini boshladi.
Unda, Koreya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Eron va Ukraina davlatlaridan xorijiy soha mutaxassislari, farmatsevtik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, regulyatorlar, shuningdek, mahalliy olimlar, ekspertlar bir qatorda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari ham ishtirok etishmoqda.
Dori vositalarini standartlashtirish yoʻnalishida “Abu Ali ibn Sino tavsiya etgan dorivor oʻsimliklarni Davlat Farmakopeyasiga kiritilishi – ularni ilmiy eʼtirofidir” mavzusida maʻruza qilgan Farmakopeya qoʻmitasi raisi Kamola Nuridullayeva, oʻz nutqida Abu Ali ibn Sino tomonlaridan tavsiya etilgan, mamlakatimizda oʻsadigan dorivor oʻsimliklar orasida zamonaviy, jahon standartlari talabiga javob beradigan dori vositalarini yaratish va ularni tibbiyot amaliyotiga joriy etish alohida dolzarb masala ekanligi taʻkidladi.
Shuningdek, “Tib qonunlari” 800-yil avval chop etilganiga qaramasdan hozirgi zamonaviy farmatsiyada qoʻllaniladigan farmakopeya maqolasida keltirilgan sifatni belgilovchi koʻrsatkichlari, jumladan tashqi koʻrinishi, organoleptik koʻrsatkichlar chinligi, tanlab olish kabi meʼyorlar yoritilib, ularga amal qilinishi kerakligi belgilab oʻtilganligi va hozirgi vaqtda xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan Davlat farmakopeyasi uning mantiqiy davomi ekanligi alohida qayd etib oʻtildi.
Anjuman 6 ta asosiy yoʻnalishlarda ilmiy maʼruzalar tinglanmoqda. Koʻrgazmalar pavilionida Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish mutaxassislari tomonidan Davlat farmakopeyasi 1 nashri 1-3 qismlari yuzasidan konferensiya ishtrokchilari uchun maʼlumot berib borilmoqda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati