Ijtimoiy tarmoqda keng muhokamaga sabab bo‘lgan, "Faringo forte" spreyining ishlab chiqarish jarayoni aks etgan video bo‘yicha Sanepidqo‘mita mutaxassislari ishlab chiqaruvchi tadbirkor bilan bog‘lanib, mavjud hujjatlarini o‘rganib chiqdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, "Faringo forte" gigiyenik vosita bo‘lib, “MENGARIS PHARMACEUTICAL” MCHJ korxonasi tomonidan ishlab chiqariladi. Tadbirkor ushbu mahsulotni ishlab chiqarish uchun 2020 yilda qo‘mitadan ruxsatnoma, hududiy bo‘limidan sanitariya-epidemiologik xulosa va muvofiqlik organidan muvofiqlik sertikatlarini olib ishlab chiqarishni boshlagan.
“MENGARIS PHARMACEUTICAL” MCHJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun olgan ruxsatnoma, sanitariya-gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlarida korxona manzili: Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod QFY Nurli Hayot ko‘chasi 85-uy ko‘rsatilgan. Biroq hozirgi kunda Toshkent shahar Yangiobod tumani Ohangrabo 1 manzilida faoliyat yuritmoqda va mahsulotlarni ushbu manzilda ishlab chiqarmoqda.
Tadbirkorga amaldagi qonunchilikka ko‘ra, korxona binosi yangi manzilga ko‘chirilganda yangi ishlab chiqarish manziliga qayta ruxsatnoma olishi lozim ekanligi tushuntirildi.
MCHJ rahbari o‘z tashabbusi bilan yangi ishlab chiqarish manziliga ruxsat etishga oid hujjatlarni qayta rasmiylashtirgunga qadar faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatdi.
Ijtimoiy tarmoqda muhokama bo‘lgan video bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, tadbirkor haqiqatdan ham ushbu video “MENGARIS PHARMACEUTICAL” MCHJ korxonasiga tegishli bo‘lib, bundan 2 yil oldin olingan video ekanligi va ushbu holat hozirda bartaraf etilganligini maʼlum qilgan.
Sanepidqo‘mita Axborot xizmati