Shifokor retseptisiz psixotrop dorilarni sotgan dorixona xodimlari qo'lga olindi

23.02.2024 1123

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Denov tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro S.F. jami 40 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini fuqaro A.A.ga 3,8 mln so‘mga noqonuniy sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shu kabi, Departamentining Davlatobod, To‘raqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limlari tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “D.Ph.” “E.i.”, “T.f. ”MCHJga qarashli dorixonalarning sotuvchilari hech qanday hujjatsiz xaridorlarga jami 80 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini noqonuniy sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 387 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda esa, “S.F.” va “G.Ph.” MCHJlarga qarashli dorixona sotuvchilari xaridorlarga jami 94 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,5 mln so‘mga shifokor retseptsiz sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati