Dorixona xodimi dori vositalarini dorixonaga qabul qilishida ularni sifatsiz va qalbakilashtirilmaganligini qayerdan bilishi mumkin

06.02.2024 1407

Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonuni 20-moddasida sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanishi belgilangan.

Dorixona xodimi dori vositalarini dorixonaga qabul qilayotganda quyidagilarga eʼtibor berish kerak:

1️⃣ - Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilayotgan tashkilotning farmatsevtik faoliyat boʻyicha litsenziyasi borligini tekshirish;

Maʼlumot uchun: Farmatsevtika faoliyati (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno) bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan tashkilotlar roʻyxati "Litsenziya" axborot tizimi (gov.uz) saytida mavjud.

www.license.gov.uz

Litsenziya olinishi yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar olinishi shart boʻlgan faoliyat bilan litsenziyasiz yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shugʻullanganlik uchun javobgarlik belgilangan!

2️⃣ - Dori vositalari, tibbiy buyumlar hamda tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishi uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi tekshirish;

Maʼlumot uchun: O'rnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar haqida Farmatsevtika mahsulotlari xafsizligi markazining rasmiy saytida maʼlumotlar mavjud.

www.uzpharm-control.uz

Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

3️⃣ - Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatiga egaligini tekshirish;

Ma'lumot uchun farmatsevtika mahsulotlari uchun berilgan muvofiqlik sertifikatlari haqida Farmatsevtika mahsulotlari xafsizligi markazining rasmiy saytida maʼlumotlar mavjud.

www.uzpharm-control.uz

4️⃣ - Dori vositalari tashqi qadog'ining ko'rinishi va yaroqlilik muddatini tekshirish;

Dori vositasining ikkilamchi qadogʻi yorligʻida, u boʻlmagan taqdirda, dori vositasining birlamchi qadogʻida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:

➖ dori vositasining savdo nomi;
➖ dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi (agar mavjud boʻlsa);
➖ dori vositasining ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va uning joylashgan joyi (pochta manzili toʻliq yoki qisqartirilgan shaklda koʻrsatilgan), tovar belgisi;
➖ harorat rejimi koʻrsatilgan saqlash sharoitlari, saqlash xususiyatlari;
➖ berish shartlari (retsept boʻyicha yoki retseptsiz);
➖ dori vositasining seriya raqami;
➖ ishlab chiqarilgan sana;
➖ yaroqlilik muddati, shtrix-kod.

Yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilish javobgarlikka sabab boʻladi!

Bulardan tashqari, sifatsiz, yaroqlilik muddati oʻtgan shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - farmatsevtik faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanadi!

 

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiyasi bilan shug'ullanuvchi tashkilot rahbarlari va hurmatli yurtdoshlar!

Agarda Siz sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi bilan bogʻliq noqonuniy harakatlarga duch kelsangiz, zudlik bilan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentinig (71) 233-1007 ishonch telefoniga murojaat qiling.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi
markazi matbuot xizmati