“Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash — davr talabi” mavzusida seminar tashkil etildi

06.01.2024 462

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash — davr talabi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda quyi palata deputatlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Seminarda “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasi tizimini yaxshilash, aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun barcha qulayliklar yaratilyapti. Ushbu sohadagi qonunchilik bazasi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador bo‘lgan bandlar chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi ortiqcha byurokratik norma chiqarib tashlanmoqda.

— Bugun inson salomatligini muhofaza qilishda zamonaviy tibbiy yordam bilan bir qatorda, aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta’minlash ham muhim hisoblanadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muzaffara Abdiyeva. — Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi esa sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali respublika aholisining sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan ta’minlash darajasining oshishiga xizmat qiladi.

Seminarda so‘z olgan quyi palata deputati Qizilgul Qosimova mazkur qonun loyihasining ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, dori vositalari insonning dardiga shifo bo‘lishi kerakligi, ularning sog‘liqqa xavf, g‘irrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirdi.

Muhokamalar chog‘ida qonun loyihasi bilan bog‘liq savollarga vazirlik va idoralar mutaxassislaridan asoslantirilgan javoblar olindi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati