Sertifikatlanmagan dori vositalarini sotgan dorixona litsenziyasi bekor qilindi

26.12.2023 1041

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan “LAXISAM PHARMACEUTICALS” MCHJning murojaati asosida “LYUKS FARMA PLUS” MCHJga tegishli Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sugʻdiyona koʻchasi, 80 A-uy manzilida joylashgan dorixonada tekshiruv oʻtkazilganda, 9 turdagi dori vositalariga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.

Yuqoridagi holat boʻyicha “LYUKS FARMA PLUS” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun 2019-yil 20-mart kuni berilgan 1378-sonli litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va “LYUKS FARMA PLUS” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib o’tamiz, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi yagona Nizomning 29-ilovasi, “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash” pasporti 9-bandi “b” kichik bandida dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlmagan shaxs tomonidan realizatsiya qilinishiga, faoliyatni litsenziyada koʻrsatilmagan manzilda amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik litsenziya talablari va shartlaridan biri sifatida belgilab qoʻyilgan.

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi