Markazda "Herbion" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

12.12.2023 1144

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Pokistonning "Herbion" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda dorivor oʻsimliklar asosida yurtimizda dori vositalarini ishlab chiqarish va kompaniya tomonidan mamlakatimizga import qilinayotgan mahsulotlar sifati, xavsizligini taʻminlash masalalari muhokama qilindi.

"Herbion”ning MDH mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy menejeri Nadeem Khalid muloqot avvalida kompaniya haqida maʻlumot berib, hozirda Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklar asosida dori vositalarini ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotganligini maʻlum qilidi. 

Maʻlumot uchun, "Herbion" kompaniyasi yurtimizda 1997-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda, hozirga qadar 25 turdagi dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazgan. Yil boshida kompaniya GMP, Yevroosiyo Ittifoqi va Kanadaning GMP auditidan oʻtdi va 45 dan ortiq mamlakatlarga - AQSh, Singapur, Kanada, Malayziya, Italiya, Frantsiya, Avstraliya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlarga oʻz mahsulotlarini yetkazib berishni yo'lga qo'ydi.

 

Markaz direktori oʻrinbosari Alisher Temirov “Herbion” kompaniyasining koʻp yillik tajribasi, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, bu orqali aholini ish bilan taʻminlash va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi ishlarini yuqori baholab, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga katta eʻtibor qaratilayotgani alohida taʻkidladi. 

 
Ushrashuv davomida Nadeem Khalid, kompaniya mahsulotlarini Oʻzbekistonda davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda qayta roʻyxatdan oʻtkazish va bu borada nazorat organlaridan “Herbion”ning ishlab chiqarish obʻektlariga audit va oʻrganish tashriflarini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. 

Oʻz navbatida, vakillarimiz aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan taʻminlashda albatta sifat nazorati muhim ekanligini qayd etib, kompaniya mahsulotlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan tahlillar haqida maʻlumot berdi.

Muloqot yakunida, Nadeem Khalid ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, hamda mamlakatning regulator organiga oʻquv tashriflarini amalga oshirish maqsadida Markaz mutaxassislarini Pokistonga taklif qildi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati