Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan yurtimizda dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash va uning oldini olishga qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlarda Sog‘liqni saqlash vazirligining Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ham faol ishtirok etib, tibbiy amaliyotida qo‘llash mumkin bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan farmatsevtika mahsulotlarini aniqlashda tegishli organlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, litsenziya talab va shartlarini bajarmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, tegishli sertifikati bo‘lmagan farmatsevtika mahsulotlarini realizatsiya qilgan dorixonalarga qarshi keskin taʼsir choralari ko‘rib kelinmoqda.
Joriy yilning 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan seminar-yig‘ilish ayni shu mavzuda bo‘lib o‘tdi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi masʼullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda davomida dorixona muassasalari tomonidan sifatsiz, qalbakilashtirilgan, muvofiqlik sertifikatlari mavjud bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini realizatsiya qilmaslik, dori vositalari va tibbiy buyumlarning farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik bundan tashqari amal qilinishi majburiy bo‘lgan litsezniya talab va shartlari haqida tushuntirish berildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika sohasida yangi chakana savdo tashkilotlari “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etilishi, faoliyat yuritib kelayotgan korxonalar uchun esa GPP talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytirilganligi eslatib o‘tildi.
Toshkent shahrida dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana realizatsiya bilan shug‘ullanuvchi 100 ga yaqin tadbirkorlik sub'yektlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan seminar-uchrashuvda masʼullar qatnashchilarning savollariga atroflicha javob berib, ular o‘z taklif va mulohazalari bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga murojaat etishlari mumkinligi shuningdek, bu kabi uchrashuvlar rejali ravishda butun respublikamiz bo’yicha o’tkazilishi ma’lum qilindi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati