Sog'liqni saqlash vazirligida sohadagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi

26.10.2023 2490

Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligida Raqobatni rivojlantirish va isteʻmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda "Biz sizni eshitamiz" loyihasi doirasida “Farmatsevtika sohasidagi yuzaga kelayotgan muammolar hamda aholini sifatli va arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʻminlash” mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Farxodjon Tashpulatov boshchiligida o’tkazilgan tadbirda, Raqobat qoʻmitasi hamda vazirlik tizimidagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi maʻsul rahbarlari, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan 60 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari vakillar ishtirok etdi.

 

Tadbir avvalida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʻminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–411-sonli qarori yuzasidan “FAIR TECH” yagona axborot tizimi orqali kelib tushayotgan arizalar hamda tizimni toʻliq ishga tushirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ishtirokchilarga maʻlumot berildi.

Shundan soʻng, mas’ullar dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va import qilishda referent narx shakllantirish bilan bog’liq masalalar yuzasidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar va chet el farmatsevtika korxonalari vakillarining savollariga atroflicha javob berib, ularning taklif va e’tirozlariga quloq tutdi.

Muloqot davomida manfaatdor idora hamda tashkilotlar tomonidan, dori vositalarining chakana va ulgurji realizatsiyasi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar va ularning yechimi boʻyicha kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilandi. 

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati