Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi

26.10.2023 2332

Joriy yilning 25 oktyabr kuni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaz direktori Agzam Nartayev hamda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi masʼullari Dmitriy Xaroxonov, Maksim Moskalev va Rossiyaning "Nanolek" kompaniyasi vakili Dmitriy Dvinin ishtorikida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan taʼminlashda "Nanolek" kompaniyasining kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan orfan va shu turdagi dori vositalarini hamda kompaniya vaksinalarini sertifikatlashtirish masalalari muhokama qilindi.

 

Maʼlumot uchun, "Nanolek" Rossiya biofarmatsevtika kompaniyasi 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning oldini olish va davolashda qo‘llaniladigan import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya Rossiyada dori vositalari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri hisoblanib, hozirgi kunda turli kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan 20 dan ortiq dori vositalari va vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Muloqot davomida Markaz direktori, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlar rivojini eʼtirof etib, yurtimizda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hukumat tomonidan belgilangan tartib asosida, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilishi, shuningdek, vazirlikning buyurtmasi bo‘yicha import qilinadigan orfan dori vositalari hamda orfan kasalliklarga tashxis qo‘yishda va ularni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar qonunchilikka muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan holda amalga oshirilishi mumkinligi haqida tushuntirish berdi.

O‘z navbatida, Rossiya tomoni mazkur dori vositalarini yurtimizga import qilish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga taklif kiritishini maʼlum qilib, mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalasida amaliy yordam zarurligini taʼkidladi. 

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Agzam Nartayev bu masalada o‘z vakolati doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati