Joriy yilning 20-21 oktyabr kulari Eron taraqqiyoti va rivojlanishi markazi vitse-prezidenti Abbasali Ahmadian boshchiligidagi Eron delegatsiyasi vakillari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida sohada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning sifatini nazorat qilish yo‘nalishida tajriba almashish, zamonaviy kadrlar tayyorlash, shuningdek, laboratoriya mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlash joiz, Eron farmatsevtika sanoati mintaqada jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Xususan, mamlakatda import dori vositalarining 97 foizi mahalliylashtirilgan bo‘lib, murakkab va yangi turdagi original dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlanadi.
Uchrashuvda Eron tomoni, talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini hamyonbop narxlarda yetkazib berish va qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Agzam Nartayev, Eron mahalliy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan farmmahsulotlarni yurtimizda ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish borasida o‘rnatilgan talablar bo‘yicha atroflicha tushuntirish berib, shaffoflikni taʼminlash va qulaylik yaratish maqsadida mazkur jarayonlar to‘liq raqamlashtirilayotganligi haqida maʼlum qildi.
Muloqot yakunida, sohada o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, axborot almashish va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni rejalashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Eron taraqqiyoti va rivojlanishi markazi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati