Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati — parlament nazoratida

23.10.2023 1442

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 18, 19, 20, 21-moddalari ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ul rahbarlari ishtirokida o‘tkazildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun hamda 2020 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi hamda Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Asosiy e’tibor aholini zarur va sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimida elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, olib kirish va aylanmasini hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiste’mol qilinishining oldini olish, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish masalalariga qaratildi.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarning fikrlari eshitildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida har bir fuqaroga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratish, bunda amaldagi qonunchilikka zarur o‘zgartirishlarni kiritish, dori-darmon siyosatini nazoratga olishga doir takliflar o‘rtaga tashlandi.

Yakunda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati