Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash talablari nimalardan iborat?

20.10.2023 1555

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishga qo'yilgan litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

a) dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda ularning narxini davlat tomonidan tartibga solishning belgilangan tartibiga rioya qilish;*

b) dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan realizatsiya qilinishiga, faoliyatni litsenziyada ko‘rsatilmagan manzilda amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;*

v) dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti davlat standartlariga, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish;

g) yuridik shaxs shtatida kamida bir xodim — oliy farmatsevtik yoki oliy farmatsevtika ta’lim muassasasida maxsus tayyorlov kursini tugatgan oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan, qonunchilik hujjatlarining aniqlangan buzilishi, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxini belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasining amal qilishi bekor bo‘lgan dorixonalarning xodimlari reyestriga kiritilmagan dorixona mudirining mavjudligi;*

d) litsenziat tomonidan dorixona filiali ochilishida — yuridik shaxs shtatida kamida bir xodim — oliy farmatsevtik ma’lumotga yoki farmatsevt assistenti (yordamchisi) ixtisosligi bo‘yicha o‘rta maxsus kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan dorixona filiali mudirining mavjudligi;*

e) dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxini belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasining amal qilishi bekor bo‘lgan dorixonalarning xodimlari reyestriga kiritilmagan shaxslardan dorixona va dorixona filiali xodimlari tarkibini shakllantirish;

j) belgilangan tartibda dorixona va/yoki dorixona filiali mudiri malakasini oshirish;

z) dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana sotish uchun mo‘ljallangan, egalik qilish huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq (ijara shartnomasi va boshqalar) asosda tegishli bo‘lgan, qonunchilik hujjatlarining aniqlangan buzilishi, shu jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasining amal qilishi bekor bo‘lgan dorixona, dorixona filialining manzillari reyestriga kiritilmagan bino (xonalar)ning mavjudligi;

i) dorixona mudiri o‘zgarishi, dorixona filiali mudiri o‘zgarishi, dorixona filiali yopilishi haqida mazkur holat yuz bergandan so‘ng o‘n kun muddatda litsenziyalovchi organga xabarnoma yuborish;

y) dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash (qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallari bundan mustasno);

k) dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda nazorat kassa-mashinasi hamda to‘lov terminallaridan foydalanish talablariga rioya etish;

Izoh: Litsenziyalovchi organ qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxini belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzganligi oqibatida litsenziyaning amal qilishi bekor bo‘lgan dorixona, dorixona filialining manzillari va xodimlari reyestrini shakllantiradi.

Litsenziyalovchi organ mazkur pasportda ko‘zda tutilgan manzillar va xodimlar reyestriga kiritilgan ma’lumotlarni ular kiritilgan vaqtdan e’tiboran uch yil o‘tganidan so‘ng reyestrdan chiqarib tashlaydi.

Manzillar reyestri va xodimlar reyestridagi ma’lumotlar tanishish uchun ochiq bo‘ladi.

* Qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadigan talab va shartlar.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati