Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xalqaro sessiyasi bo'lib o'tmoqda

10.10.2023 3937

Ayni kunlarda Shvetsariyaning Jeneva shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Dori vositalari spesifikatsiyalari bo‘yicha Ekspertlar qo‘mitasining 57-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur anjumanda O‘zbekiston tomonidan ilk marotaba Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari, Davlat farmakopeyasi bosh muharriri Xabibulla Djalilov va Davlat farmakopeyasi tahririyat kengashi ilmiy kotibi Akmal Zaynidinovlar ishtirok etmoqda. 

Maʼlumot uchun, har yili anʼanaviy o‘rkazib kelinadigan Ekspertlar qo‘mitasi sessiyasining bu yilgi yig‘ilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga aʼzo davlatlardan, shuningdek qator xalqaro va hududiy tashkilotlardan jami 200 dan ortiq vakillar ishtirok etishmoqda.

Sessiya ishining birinchi kunida 20 dan ortiq maʼruzalar tinglandi va kun tartibidan o‘rin egallagan Jahon farmatsevtika sohasining quyidagi o‘ta dolzarb masalalari muhokama qilindi:

➖ Farmatsevtika mahsulotlar sifatini taʼminlash bo‘yicha sohalararo hamkorlik;
➖ Dunyo farmakopeyalari Xalqaro Kengashi masalalari;
➖ Dori vositalari sifatini taʼminlash borasida qo‘llaniladigan atamalardan to‘g‘ri foydalanish tamoyillari va uslubiy ko‘rsatmalar;
➖ Dori vositalari sifat nazorati milliy laboratoriyalari ishini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar;
➖ Dori vositalari sifat nazoratida qo‘llaniladigan texnik sharoitlar va sinovlar to‘g‘risida.

Sessiya ishi 14 oktyabrgacha davom etadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati