Vengriyaning "EGIS" kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

25.09.2023 1350

Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Agzam Nartayev, Vengriya farmbozorida nufuzli o‘rinda turuvchi "EGIS" kompaniyasi ijrochi direktori Csaba Poroszlai boshchiligidagi deligatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda kompaniya mahsulotlarini yurtimizda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, sohada o‘zaro maʼlumot almashish, jahon talablariga javob beruvchi kadrlar tayyorlash va bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

 

Maʼlumot uchun «EGIS» farmatsevtika kompaniyasi 1963 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 212 nomdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Uning faoliyati farmatsevtik ishlab chiqarishning barcha sohalarida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlaridan boshlab, faol moddalar va sotish uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Markaz direktori muloqot davomida dori vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi tartibi, dori vositalari qanday hollarda soddalashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bo‘yicha mehmonlarga tushuntirish berib ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

Uchrashuv yakunida sohada tajribali kadrlar tayyorlash, farmatsevtika mahsulotlarining sifat nazoratiga jahon standartlarini joriy qilish, laboratoriyalarning texnik imkoniyatlarini kengaytirish va yana-da rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.