Joriy yilning 26-28 sentyabr kunlari Samarqandda “Global Pharmaceutical Leadersʼ Club“ tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘magida IV Yevrosiyo farmatsevtika sammiti o‘tkaziladi.
Unda Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropa mamlakatlari farmatsevtika bozorlarining rivojlanish tendensiyalari muhokama qilinadi. Sammitda 10 mamlakatdan 250 dan ortiq yetakchi mutaxassislar, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, distribyutorlar va dorixonalar tarmog‘idan 100 dan ortiq ma’ruzachilar ishtirok etadi.
Sammit dasturi 20 dan ortiq sessiyani o‘z ichiga oladi. Unda tartibga solish siyosati, davlat xaridlari, yorliqlash, narxlash, sotish, marketing va dori vositalarini ishlab chiqarish masalalari muhokama qilinadi. Nazorat qiluvchi organlar ishtirokida davra suhbatlari va yetakchi farmatsevtika kompaniyalari top-menejerlari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Sammit doirasida Samarqand shahridagi dori vositalari tarqatish markazlari va dori ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashriflar tashkil etiladi. Shuningdek, “Eurasian Pharma Awards“” tanlovi ham o‘tkaziladi.