2022 yil 1-yarim yillikda 8 turdagi 147130 o‘ram dori vositalariga muvofiqlik sertifikati berilishi rad etildi

29.06.2022 4617

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi»ning Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish markaziy organi belgilangan talablarga nomuvofiq bo‘lganlagi sababli yaroqsiz deb topilgan va muvofiqlik sertifikati berilishi rad etilgan farmatsevtika mahsulotlari to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Joriy yilning iyun oyiga qadar Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish markaziy organiga bo‘lgan murojaatlar asosida yurtimizga import qilingan Gruziya, Belorus, Xitoy va Hindistonda ishlab chiqarilgan dori vositalari belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazildi hamda 8 turdagi 147130 o‘ram, qiymati 5609169 ming so‘m  bo‘lgan dori vositalari (batafsil ro‘yxat) qo‘llash uchun yaroqsiz deb topilib, sertifikatlashtirilishi rad etildi.

Maʼlumot uchun, «Muvofiqlik sertifikati» — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat hisoblanadi.

Xurmatli yurtdoshlar! Dori vositasi, tibbiy buyum va tibbiy texnikaning nomi, Davlat ro‘yxatidan o‘tgan raqami, chiqarilgan shakli, ishlab chiqargan mamlakat, muvofiqlik sertifikat berilgan sana va boshqa maʼlumotlarni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi rasmiy veb saytidan olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona nizom (ro‘yxat raqami 80-son 21.02.2022) ga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi!