“Ekustim” dori vositasini standartlashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot yakuniy bosqichda
Mahalliy dori vositalarining sifati va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar doirasida “Ekustim” dori vositasini standartlashtirish va uning sifatini nazorat qilish usullarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan dissertatsiya ishi taqdim etildi.
Mazkur dissertatsiya ishi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bazaviy tashkilot sifatida belgilangan bo‘lib, ilmiy ish doirasida olingan materiallar va xulosalarni ko‘rib chiqish jarayonlari belgilangan tartibda olib borilmoqda.
Ushbu ilmiy ish Toshkent farmatsevtika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tavsiyasiga asosan tayyorlangan. Tadqiqot muallifi — Tursunova Laziza Ikramdjanovna bo‘lib, u 15.00.02 — farmatsevtik kimyo va farmakognoziya ixtisosligi bo‘yicha farmatsevtika fanlari yo‘nalishida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy ish himoyasiga tayyorgarlik ko’rmoqda.
Dissertatsiya ishida “Ekustim” dori vositasining sifat ko‘rsatkichlarini baholash, uni standartlashtirish hamda sifatni nazorat qilishning zamonaviy usullarini ishlab chiqish masalalari yoritilgan. Tadqiqot doirasida olingan ilmiy natijalar dori vositalarining sifatini ta’minlashda amaliy ahamiyatga ega ekani bilan ajralib turadi.
Ma’lum qilinishicha, dissertatsiya ishi doirasida tayyorlangan materiallar va ilmiy xulosalar belgilangan muddatlarda Ilmiy kengash muhokamasiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.