Tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasida xalqaro tajriba o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 137-son Farmonini ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunlarda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida “Tibbiy jihozlarni tartibga solish asoslari: Singapur, ASEAN va global tendensiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy trening bo‘lib o‘tmoqda.
Unda tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasida xalqaro nufuzga ega ekspert, Global uyg‘unlashtirish ishchi guruhining (GHWP) Strategik maslahat kengashi a’zosi, shuningdek, ASEAN tibbiy texnologiyalari normativ bazasi mualliflaridan biri hisoblangan professor Alfred Kwek ishtirok etmoqda.
Trening davomida ishtirokchilarga Singapur hamda ASEAN mamlakatlari tajribasi, tibbiy jihozlarni xavfsizligini ta’minlashda qo‘llanilayotgan global yondashuvlar, shuningdek, sohadagi dolzarb tendensiyalar va amaliyotdagi islohotlar haqida atroflicha ma’lumot beriladi. Shu bilan birga, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, savol-javoblar va amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasida faoliyat yuritayotgan milliy mutaxassislarning kompetensiyalarini oshirish, ularning nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash, ilg‘or xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish hamda yurtimizda tibbiy jihozlarni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.