Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” davlat muassasasida tashkilot rahbariyati hamda Metrologiya xizmati mutaxassislari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xususiy tibbiyot muassasalarida foydalanilayotgan tibbiy texnik vositalarni metrologik nazoratdan o‘tkazish tartiblari, shuningdek, litsenziyalash jarayonida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan texnik xavfsizlik, uskunalarning aniqligi hamda xalqaro talablarga moslik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, metrologik nazoratning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi nafaqat tibbiyot muassasalari faoliyatining samaradorligini oshiradi, balki fuqarolarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning ishonchliligi va xavfsizligini ham kafolatlaydi. Shu ma’noda, Metrologiya xizmati bilan hamkorlikni kuchaytirish, xususiy sektor vakillari uchun aniq yo‘riqnomalar ishlab chiqish va litsenziyalash jarayonida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Davra suhbatida tibbiyot muassasalarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda aholiga sifatli va xavfsiz tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida qayd etildi.
Suhbat yakunida xususiy tibbiyot muassasalaridagi tibbiy texnika va uskunalarni muntazam metrologik tekshiruvdan o‘tkazishni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.