Dori vositalarini ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar diqqatiga!

07.04.2026 431

Dori vositalarini ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar diqqatiga!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2025-yildagi PF-13-sonli Farmonining 2-bandiga ko'ra, 2025-yil 1-apreldan boshlab cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan bo'lib, bunda: 

mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan amaldagi referent narxni shakllantirish tizimi saqlab qolinadi;

retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasini ulgurji va chakana sotishda ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan (bazaviy) qiymatidan 15 foizdan va chakana savdo uchun sotib olingan qiymatidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda ustama qo‘llanadi.

Raqobat qo’mitasining “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan, belgilangan cheklangan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardagi dori vositalarining ulgurji va chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtirilganida, cheklangan narxdan yuqori sotilayotganligi holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022-yildagi 80-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona Nizomning 28-ilovasi 9-bandi a-kichik bandiga muvofiq, litsenziyatlar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxini davlat tomonidan tartibga solishning belgilangan tartibiga rioya etishlari, litsenziya talablari va shartlaridan bir ekanligini eslatib o’tadi.