Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriya bazasi kengaymoqda

06.04.2026 400

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriya bazasi kengaymoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PF-35-son Farmoniga muvofiq, farmatsevtika sohasida ilmiy-sinov va sifat nazorati tizimini yanada takomillashtirish, laboratoriya infratuzilmasini mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur farmondagi vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi Xorazm filiali tomonidan 48 turdagi zamonaviy sinov uskunalari, yordamchi vositalar hamda laboratoriya mebellari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga beg‘araz asosda topshirildi.

Ushbu uskunalar tarkibiga yuqori aniqlikdagi gaz xromatograflar, suyuqlik xromatografiyasi tizimlari (UPLC-MS/MS), spektrofotometrlar, suv tozalash tizimlari, laboratoriya sovitish uskunalari hamda boshqa zamonaviy analitik qurilmalar kiradi.

Mazkur texnik bazaning joriy etilishi natijasida dori vositalarining sifatini chuqur laboratoriya tahlil qilish, xalqaro standartlarga muvofiq sinovlarni amalga oshirish, shuningdek, ularning xavfsizlik va samaradorlik ko‘rsatkichlarini yanada aniq baholash imkoniyatlari sezilarli darajada kengayadi.

Shuningdek, laboratoriya infratuzilmasining yangilanishi mamlakatimizda farmatsevtika mahsulotlari ustidan nazoratni kuchaytirish, aholiga yetkazib berilayotgan dori vositalarining sifati va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.