O‘zbekistonlik mutaxassislar Estoniyada sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish tajribasini o‘rganmoqda

04.04.2026 369

O‘zbekistonlik mutaxassislar Estoniyada sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston mutaxassisi Estoniyada sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish tajribasini o‘rganmoqda. “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv dasturi uzoq muddatli tajriba almashish imkonini beradi. Kursda Estoniyaning elektron sog‘liq tizimi, Milliy axborot tizimi va raqamli retsept mexanizmlari kabi ilg‘or tizimlar o‘rganilmoqda. Bunday dastur O‘zbekistonda tibbiyot sohasini modernizatsiya qilishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi tarkibida Estoniyada bo'lib turgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassisi Otabek Xafizov sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish yo‘nalishida tashkil etilgan xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etmoqda.

Mazkur o'quv trening dasturi “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Estoniyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda uni milliy amaliyotga tatbiq etishdan iborat .

O‘quv kurslari davomida delegatsiya a’zolari Estoniyaning sog‘liqni saqlash tizimi, xususan elektron sog‘liqni saqlash (e-Health) infratuzilmasi, Milliy sog‘liqni saqlash axborot tizimi (EHIS), raqamli retsept tizimi hamda tibbiy ma’lumotlar almashinuvi mexanizmlari bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida seminar-treninglar, tibbiyot muassasalariga tashriflar va tajriba almashish uchrashuvlari tashkil etilgan.

Ta’kidlash joizki, Estoniya sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish borasida yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Ushbu tajribani o‘rganish O‘zbekistonda tibbiyot sohasini modernizatsiya qilish, xususan elektron xizmatlarni keng joriy etish, tizim shaffofligi va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassisi Axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Otabek Xafizovning ta'kidashicha mazkur xalqaro o‘quv safari mutaxassislar uchun nafaqat tajriba almashish, balki sohada qo‘llanilayotgan eng zamonaviy raqamli yechimlarni bevosita o‘rganish imkoniyatini bermoqda. Ayniqsa, elektron sog‘liqni saqlash tizimlari, maʼlumotlar integratsiyasi va xavfsizligi bo‘yicha Estoniya tajribasi O‘zbekistonda joriy etilayotgan axborot tizimlarini yana-da takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.