Narkojinoyatlarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari muhokama qilindi
O‘zbekistonda narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir giyohvandlik vositalarining noqonuniy foydalanishini oldini olish va yangi narkotiklar bo‘yicha nazoratni kuchaytirish yuzasidan o‘zgarishlarni kiritishni maqsad qilgan. Konferensiyada mamlakatdagi narkotiklar sohasi mutaxassislari hamda davlat organlari ishtirok etdi. Muhokamalarda jazolashdan tashqari, profilaktika hamda huquqiy madaniyatni oshirish ham ahamiyatga ega ekanligi aytildi.O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasiga oid milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi mamlakatimizda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi samarali kurashish, shuningdek, sohadagi meʼyoriy-huquqiy bazani zamon talablari asosida takomillashtirish yuzasidan mutaxassislar ishtirokida chuqur tahlil o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.
Anjuman doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahriri yuzasidan taqdimot o'tkazildi. Unda qonunchilikka kiritilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar, yangi turdagi sintetik narkotiklar va kuchli taʼsir etuvchi moddalar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar batafsil yoritildi.
Konferensiyada davlat organlari, ilmiy muassasalar va taʼlim tashkilotlarining masʼul vakillari ishtirok etdi. Jumladan, universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi mutaxassislari, Bosh prokuratura hamda Kriminologiya tadqiqot instituti ekspertlari, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti olimlari va Bojxona qo‘mitasi xodimlari qatnashdi.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar narkojinoyatlarga qarshi kurashishda faqat jazo choralarini kuchaytirish bilan cheklanib qolmasdan, profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Shuningdek, Qonunning yangi tahriri sohada huquqni qo‘llash amaliyotini birxillashtirish, huquqiy aniqlikni taʼminlash hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘lishi qayd etildi.