Markazda raqamlashtirish jarayonlari tahlil qilindi va ustuvor vazifalar belgilandi

27.03.2026 376

Markazda raqamlashtirish jarayonlari tahlil qilindi va ustuvor vazifalar belgilandi

Farmatsevtika xavfsizligi markazida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va tahlil qilishga doir yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Elektron retsept tizimini joriy etish, “Darmon” axborot tizimini takomillashtirish va byurokratik jarayonlarni osonlashtirish asosiy vazifalar qilindi. Yig‘ilishda tizimni kengaytirish, integratsiya qilish va ish jarayonlarini shaffof qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tadbir yakunida sohaga hissa qo‘shgan xodimlar ham e’tirof etildi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov boshchiligida tizimda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holatini tahlil qilishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda farmatsevtika sohasini izchil transformatsiya qilish, xizmatlar shaffofligini ta’minlash, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, elektron retsept tizimini to‘liq joriy etish masalasi yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Mazkur tizim orqali dori vositalari aylanishini raqamli nazoratga olish, noqonuniy muomalani oldini olish, shuningdek, ortiqcha qog‘ozbozlikni keskin qisqartirish imkoniyati qayd etildi. Mutaxassislar tomonidan tizimni hududlar kesimida keng joriy etish, uni tibbiyot muassasalari va dorixona tarmoqlari bilan to‘liq integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “Darmon” axborot tizimini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish hamda inson omilini kamaytirish maqsadida tizimning texnik infratuzilmasini mustahkamlash va funksional imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Yig‘ilish yakunida Vazir o‘rinbosari tomonidan mas’ul rahbar va mutaxassislarga tizimdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda belgilangan vazifalarni aniq muddatlarda bajarish yuzasidan topshiriqlar berildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha natijadorlikni oshirish, ijro intizomini kuchaytirish alohida nazoratga olinishi ta’kidlandi.

Tadbirning yakuniy qismida esa sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, o‘z xizmat vazifalariga fidoyilik bilan yondashayotgan bir guruh xodimlar e’tirof etildi. Ularga ko‘p yillik samarali mehnati uchun Vazirlikning tashakkurnomalari topshirildi.

Ta’kidlanganidek, raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish farmatsevtika tizimi samaradorligini oshirish, boshqaruvda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, eng muhimi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy va farmatsevtik xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.