Ijro intizomi va istiqboldagi rejalar muhokamasi
"Tashkent Pharma Park" klasteri binosida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tizimdagi dolzarb masalalar, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar atroflicha tahlil qilindi.
Muloqot davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, xususan farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilish, arizalarni ko‘rib chiqish jarayonlari hamda xizmatlar samaradorligi yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, tizimda olib borilayotgan islohotlar xizmatlar sifatini oshirish, jarayonlarni optimallashtirish va tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Shu bilan birga, mavjud muammolar ochiq muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishda joriy yil aprel oyi uchun belgilangan ustuvor vazifalar va strategik rejalar ham taqdim etildi. Unga ko‘ra, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. Uchrashuv yakunida Markaz direktori tomonidan ijro intizomini mustahkamlash, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, shuningdek bo‘limlararo hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.