Markaz mutaxassisi Tokiodagi xalqaro farmakonazorat seminarida ishtirok etmoqda
Ayni kunlarda Yaponiya poytaxti — Tokio shahrida Farmatsevtika va tibbiy buyumlar agentligi (PMDA) tomonidan tashkil etilgan “PMDA-ATC Pharmacovigilance Seminar 2026” xalqaro o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF-137-sonli Farmoni bilan belgilangan dori vositalari muomalasini tartibga solish vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Farmakonazorat bo‘limi mutaxassisi Kamola Abduraximova ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli tadbir dori vositalarining postmarketing (bozorga chiqqandan keyingi) bosqichida ularning xavfsizligini nazorat qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan bo'lib, seminarda dori vositalarining nojo‘ya ta’sirlarini baholash, xavf-xatarlarni boshqarish rejalarini (RMP) ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish kabi muhim masalalar muhokama qilinmoqda.
Seminar doirasida o‘rganilgan ilg‘or Yaponiya tajribasi va xalqaro standartlar O‘zbekistonda farmakonazorat faoliyatini yanada rivojlantirish hamda aholini xavfsiz va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash tizimiga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.