Namanganda tibbiyotni raqamlashtirish qanday bormoqda?
O‘zbekiston tibbiyoti raqamlashtirishga keng qamrab o‘tayotgani, hozirgi kunda barcha davlat shifoxonalari DMED tizimiga ulangan va 38 million aholiga elektron tibbiy kartalar berilgani aytilmoqda. Namangan viloyatida ishchi guruh hududiy tibbiyot muassasalarida, xususan, elektron retsept tizimi qanday yo‘lga qo‘yilayotganini o‘rganmoqda.
Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston tibbiyoti taraqqiyotning yangi bosqichi, yaʼni raqamli sog‘liqni saqlash davriga qadam qo‘ydi. Buni qog‘oz shaklidagi hujjatlar va shifokor qabulidagi uzoq navbatlar raqamlashtirish tufayli barham topayotgani misolida ko‘rish mumkin.
Hozirgi paytda barcha davlat tibbiyot muassasalari DMED yagona raqamli tibbiy axborot tizimiga ulangani va qariyb 38 million aholining elektron tibbiy kartasi shakllantirilgani ham eʼtiborga molik.
Ammo tibbiyotni raqamlashtirish yo‘nalishida oldinda yana-da zalvorli vazifalar turgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, hududlarda DMED tizimi, jumladan, “Elektron retsept” modulini izchil yo‘lga qo‘yish bugun dolzarb hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yana-da jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 570-qarorida ham bu yo‘nalishdagi dolzarb vazifalar belgilangan bo‘lib, joylarda u qanday ijro qilinmoqda?
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh ushbu masalani o‘rganmoqda. Ayni chog‘da Namangan viloyatida bo‘lib turgan ishchi guruhi davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish, xususan, elektron retsept tizimi qanday yo‘lga qo‘yilayotganiga eʼtibor qaratdi.
Ishchi guruh tomonidan Davlatobod tumani markaziy shifoxonasi, poliklinikasi hamda 18-oilaviy poliklinikada raqamlashtirish va "Elektron retsept" moduli qanday yo‘lga qo‘yilayotgani atroflicha o‘rganib chiqildi. Ayni chog‘da ularning xususiy dorixonalar bilan ishlash holatiga eʼtibor qaratildi.
Yakunda masʼullar ishtirokida qaror ijrosi yuzasidan tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.