Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartiblari muhokama qilindi

17.02.2026 420

Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartiblari muhokama qilindi

O‘zbekistonda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi yangiliklar va masalalarni muhokama qilish maqsadida Ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir Farmatsevtika Mahsulotlari Xavfsizligi Markazining direktori Alisher Temirov rahbarligida, 100 dan ortiq soha vakillari ishtirokida amalga oshirildi. Muloqotda byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, jarayonlarni shaffoflashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha islohotlar, xususan, hujjatlarni qabul qilish, ekspertiza va laboratoriya tekshiruvlariga qo‘yilayotgan yangilangan talablar tahlil qilindi.

Mamlakatimizda farmatsevtika bozorini tartibga solish hamda aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Shu munosabat bilan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan onlayn ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir muassasa direktori Alisher Temirov rahbarligida tashkil etilib, unda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin tadbirkorlar, soha mutaxassislari hamda Markazning tegishli bo‘limlari mas'ullari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 738-son qarori ijrosi va mazkur hujjat bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibiga kiritilgan yangiliklar atroflicha tushuntirildi. Xususan, hujjatlarni qabul qilish va ekspertizadan o‘tkazish jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, ko‘rib chiqish muddatlarini optimallashtirish hamda raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbir davomida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida eng ko‘p uchraydigan texnik xatoliklar, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi kamchiliklar, laboratoriya tekshiruvlari va klinik oldi tadqiqotlariga qo‘yilayotgan yangilangan talablar muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

Markaz direktori Alisher Temirov ta’kidlaganidek, asosiy maqsad — byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish hamda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishdan iborat.

Mazkur ochiq muloqot soha vakillari uchun yangi qonunchilik talablarini to‘g‘ri anglash, ularni amaliyotda samarali qo‘llash hamda dori vositalarini bozorga chiqarish jarayonlarini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.