Tibbiy jihozlar sifatini nazorat qilish yo'nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
2025 yilda Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasida jami 1 446 ta tibbiy mahsulot bo‘yicha sinov ishlari amalga oshirildi. 543 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, 737 tasi sertifikatlashtirilgani hisobga olingan. Tekshiruvlar mahsulotlar sifati, xavfsizligini baholash hamda noqonuniy oqimlarni oldini olishga xizmat qildi. Sifat menejmenti tizimi O‘z DSt ISO/IEC 17025:2019 standarti asosida yangilangan, "laboratoriya.tris.uz" elektron tizimi ishlatish boshlandi. 2025 yil laboratoriyaning ishonchliligi, ochiqliigi va xalqaro talablarga javob berishini yanada mustahkamlagan yil sifatida o'tdi.Sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning sifati hamda xavfsizligi — bu faqat texnik jarayon emas, balki bevosita inson hayoti va tibbiy xizmat sifati bilan bog‘liq strategik yo‘nalishdir. Shu nuqtayi nazardan, 2025 yil Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasi faoliyatida tizimli yondashuv, yuqori mas’uliyat va aniq natijalar bilan yodda qoldi.
Yil davomida laboratoriya tomonidan jami 1 446 ta tibbiy texnika, uskuna va tibbiy buyumlar bo‘yicha sinov ishlari amalga oshirildi. Sinov ishlarining asosiy qismi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashtirish jarayonlariga to‘g‘ri keldi. Xususan, 543 ta mahsulot davlat ro‘yxatidan o‘tkazish doirasida, 737 ta tibbiy buyum esa sertifikatlashtirish natijalari asosida laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Bu esa ichki bozorga chiqarilayotgan tibbiy mahsulotlar sifati va xavfsizligini oldindan baholash, ehtimoliy xavf-xatarlarni erta aniqlash imkonini berdi.
Shu bilan birga, insonparvarlik (muruvvat) yordami sifatida olib kirilgan tibbiy buyumlar, shartnomalar asosida taqdim etilgan mahsulotlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sinovlar laboratoriya faoliyatining jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rnini yanada mustahkamladi. Ayniqsa, noqonuniy muomalaga tushib qolish ehtimoli mavjud bo‘lgan mahsulotlarni aniqlashda laboratoriya xulosalari muhim ekspertlik asosiga aylandi.
Texnik ishonchlilik masalalari ham alohida e’tiborda bo‘ldi. Laboratoriyada foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining belgilangan tartibda qiyoslash va kalibrovkadan o‘tkazilishi sinov natijalarining aniqligi, barqarorligi va takrorlanuvchanligini ta’minladi. Bu esa laboratoriya faoliyatida ishonchni mustahkamlovchi muhim omil hisoblanadi.
2025 yil laboratoriya faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqan davr bo‘ldi. Barcha laboratoriyalarda sifat menejmenti tizimi to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, asosiy hujjatlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining GPPQCL talablari hamda O‘z DSt ISO/IEC 17025:2019 standarti asosida yangi tahrirda tasdiqlandi. Bu jarayon laboratoriya ishini xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qildi.
Raqamlashtirish yo‘nalishida joriy etilgan laboratoriya.tris.uz elektron axborot tizimi sinov jarayonlarini rejalashtirish, monitoring qilish va natijalarni tahlil etishda inson omilini kamaytirib, ochiqlik va tezkorlikni ta’minladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 2025 yil Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasi uchun oddiy hisobot yili emas, balki nazorat, ekspertiza va ishonchga asoslangan barqaror tizim shakllangan yil bo‘ldi. Bu esa tibbiy mahsulotlar xavfsizligi orqali aholi salomatligini himoya qilishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida baholanadi.