Hurmatli hamkasblar, aziz jamoamiz aʼzolari!

31.12.2025 445

Hurmatli hamkasblar, aziz jamoamiz aʼzolari!

Yana bir mazmunli, masʼuliyatli va samarali yil — 2025 yil ham o‘z yakuniga yetmoqda. Yangi yil ostonasida turib, avvalo, har biringizni ushbu yil davomida ko‘rsatgan fidokorona mehnatingiz, kasbiy sadoqatingiz va yuksak masʼuliyatingiz uchun samimiy minnatdorlik bilan tabriklayman.

2025 yil Markazimiz faoliyatida sifat jihatidan yangi bosqich bo‘ldi. Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasida xavfsizlikni taʼminlash, davlat nazoratini kuchaytirish, raqamlashtirish, xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuv va ochiqlikni taʼminlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Eng muhimi, bu natijalar ortida raqamlar emas, balki ahil jamoa, aniq maqsad va sermahsul mehnat turibdi.

Yakunlanayotgan yil davomida farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solish va nazorat qilish, xususan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, litsenziyalash, sertifikatlashtirish, farmakologik va postmarketing nazorati, raqamli markirovkalash hamda laboratoriya sinovlari tizimi izchil takomillashtirildi. Shu bilan birga, Markaz faoliyatiga ISO 9001 xalqaro sifat menejmenti tizimining joriy etilishi boshqaruv jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirdi.

Ayniqsa, raqamlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar — elektron retsept, “DARMON” axborot tizimi, litsenziyalash va nazorat jarayonlarining to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi Markaz faoliyatini yangi sifat darajasiga olib chiqdi.

Jahon xalqaro maydonida esa Markazning institutsional nufuzi mustahkamlanib, yetakchi regulyator tuzilmalar bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu yutuqlarning barchasi — har bir bo‘lim, har bir mutaxassisning halol va vijdonan mehnati samarasidir. Shu bois, sizlarni Markazning eng katta boyligi, deb bilaman.

Albatta, oldimizda yangi vazifalar, yangi marralar turibdi. 2026 yil bizdan yana-da yuqori masʼuliyat, tashabbuskorlik va zamonaviy yondashuvlarni talab qiladi. Ishonchim komilki, bugun shakllangan kuchli jamoa bilan biz oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadlarga albatta yetamiz.

Yangi yil barchangiz uchun sog‘lik, oilaviy farovonlik, xotirjamlik va yangi kasbiy yutuqlar olib kelsin. Markazimiz ravnaqi, yurtimiz aholisi salomatligi yo‘lida birgalikda, bir maqsad sari ishlashda davom etamiz.

Yangi yilning qadami qutlug‘ kelsin!

Alisher Temirov,
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori