Dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi bo'yicha chet el farmkompaniyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

11.12.2025 854

Dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi bo'yicha chet el farmkompaniyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Poyataxtimizda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangilangan tartibi yuzasidan chet el farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining yurtimizdagi vakolatxonalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligida Markaz mas’ullari, shuningdek, Chet el farmatsevtika kompaniya va ishlab chiqaruvchilar vakolathonalari assotsiatsiyasi rahbari Muxabbat Askarova hamda 100 ga yaqin kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning xalqaro amaliyotga moslashtirilgan yangi tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan qarorda belgilangan asosiy jarayonlar — elektron hujjatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, laboratoriya sinovlari uchun namunalarni yuborish tartibi, hujjatlar bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish uchun ajratilgan yangi muddatlar, ilmiy komissiyalar tomonidan yakuniy xulosani shakllantirish hamda Ekspertlar kengashida qaror qabul qilish bosqichlari atroflicha tushuntirib berildi.

Uchrashuv davomida yangi tartib bilan joriy etiladigan o'zgarishlar ahamiyati alohida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, joriy etilayotgan tizim ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini yanada shaffof bo‘lgan ko‘rinishga keltiradi, bu esa xorijiy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlik subyektlari uchun aniq bosqichlar, belgilangan muddatlar va barqaror tartibga solish sharoitlarini yaratadi. Yagona standart asosida tashkil etiladigan ekspertiza jarayonlari esa investitsion muhitni yaxshilashga, ishlab chiqaruvchilarning davlat tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar yangi tartib bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollargsa javob olib, hujjatlar topshirish, laboratoriya sinovlari, GxP talablariga muvofiqlik va ekspertiza jarayonining izchilligi yuzasidan fikr almashdilar. Ochiq muloqot shaklida kechgan ushbu muloqot xorijiy farmkompnaiyalar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qator masalalarga aniqlik kiritdi.

Tadbir yakunida ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini samarali va ochiq tashkil etish yuzasidan bu kabi uchrashuvlarni tizimli o'tkazish bo'yicha kelishib olindi.