Dorixona faoliyatini tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi

10.12.2025 731

Dorixona faoliyatini tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika binosida Bektеmir va Yangihayot tumanlarida faoliyat yuritayotgan dorixona xodimlari bilan profilaktik uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi dorixona faoliyatini amalga oshirishda belgilangan litsenziya talab va shartlarini eslatish, sohadagi amaldagi qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etish zarurati yuzasidan amaliy tushuntirish berish hamda dorixonalar faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish.

Uchrashuv davomida boshqarma mutaxassislari dorixona faoliyatiga oid asosiy me’yoriy-huquqiy talablarga, jumladan dori vositalarini realizatsiya qilish tartibi, ularni saqlash va hisobga olish qoidalari, farmatsevtik xizmat sifati, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari, shuningdek retsept asosida beriladigan dori vositalariga qo‘yilgan talablar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Shuningdek, dorixonalar tomonidan litsenziya shartlarini buzish holatlarini oldini olish, hujjatlarni to‘g‘ri yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ko'rsatildi. Yig‘ilish yakunida tadbirkorlarni qiziqtirgan savollar tinglandi va ularga boshqarma mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar berildi.