Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan farmatsevtika sohasi barqaror rivojlanishini ta’minlash, tartibga solish jarayonlarining shaffofligi va tezkorligini oshirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar doirasida ro‘yxatga olish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda tarmoqni raqamlashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Shu munosabat bilan, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yangilangan tartib yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz direktori Alisher Temirov boshchiligida muassasa mas’ullari hamda 60 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning so‘nggi yillardagi faolligi yanada oshayotgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha murojaatlar soni izchil o‘sib bormoqda. 2024-yilda ushbu yo‘nalishlarda 546 ta ariza qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yil hisobot davrida mazkur ko‘rsatkich 1 172 taga yetgan.
Shu bilan birga, 2024-yil yakunlari bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan, mavjud guvohnomalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan, shuningdek klinik tadqiqotlarga yo‘naltirilgan dori vositalarining umumiy soni 681 tani tashkil etgan. 2025-yil hisobot davrida esa bu raqam 1 814 taga yetib, sezilarli o‘sishni namoyon qildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday jadal — deyarli ikki baravar — o‘sish mahalliy korxonalar faoliyatining jonlanishi, tartibga solish jarayonlarining bosqichma-bosqich raqamlashtirilishi hamda ariza topshirish va jarayon monitoringi ancha qulay, soddalashtirilgan shaklga o‘tayotgani bilan izohlanadi.
Shuningdek uchrashuv davomida ma’sullar tomonidan ariza topshirish bosqichlari, hujjatlar paketi, ekspertiza jarayonlari, ishlab chiqaruvchilarning majburiyatlari hamda yangi tartibda belgilangan muhim o‘zgarishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar bo’yicha fikr alamashildi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan ishlab chiqaruvchilar bilan bunday ochiq muloqotlarning tizimli davom ettirilishi kelgusida sohada shaffof va raqamlashtirilgan tartiblarning amaliyotga to‘liq joriy etilishiga, eng asosiysi esa, aholini xavfsiz va samarali dori vositalari bilan ta’minlash darajasining yanada oshishiga zamin yaratadi.