O‘zbekistonning milliy tartibga solish tizimini mustahkamlash JSST tomonidan ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi

09.12.2025 653

O‘zbekistonning milliy tartibga solish tizimini mustahkamlash JSST tomonidan ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘rtasidagi bo'lib o'tgan onlayn uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika va tibbiy jihozlar sohasini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani yana bir bor ta’kidlandi.

JSST vakillari mamlakatimizda oxirgi yillarda tartibga solish tizimini takomillashtirish, jarayonlarning ochiqligi va samaradorligini oshirish borasida erishilgan natijalarni yuqori baholab, O‘zbekistonning ICH, IPRP, IMDRF, ICMRA va GHWP kabi global maydonlarda faolligi mintaqada ilg‘or tajriba sifatida ko‘rilayotganini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar farmatsevtika xavfsizligi sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ikki strategik yo‘nalish — JSSTning Global Benchmarking Tool (GBT) baholash tizimi bo‘yicha O‘zbekistonning 3-darajaga erishishini qo‘llab-quvvatlash hamda Sinov markazi laboratoriyasining JSST prekvallifikatsiyasiga tayyorgarligini kuchaytirish borasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Mazkur yo‘nalishlar mamlakatimizning tartibga solish tizimini xalqaro miqyosda tan olinishi, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilayotgan farmatsevtik mahsulotlarning global bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirishi bilan alohida siyosiy ahamiyat kasb etadi.

Ta'kidlash joiz, mazkur uchrashuv O‘zbekistonning farmatsevtika va tibbiy jihozlar bo‘yicha xalqaro hamjamiyatdagi ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlab, Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan tizimli islohotlar global miqyosda ham e’tirof etilayotganini yaqqol misoldir.