Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

09.12.2025 627

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli topshiriqlari asosida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Antikorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Markaz direktori Alisher Temirov, muassasa xodimlari, shuningdek tashkilotning Andijon, Samarqand, Qarshi va Urganch filiallari vakillari ishtirok etdi.

Unda ta'kidlanganidek, farmatsevtika sohasida korrupsiya xavfi aholining sog‘lig‘i va dori vositalarining xavfsizligiga bevosita ta’sir etishi sababli, bu yo‘nalishda shaffof va tizimli yondashuvlarni joriy etish muhim sanaladi. Shu maqsadda Markazda oxirgi yillarda bir qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga to‘liq muvofiqlashtirildi, 2025-yil 1-avgustdagi 365-son buyruq asosida 14 ta ichki me’yoriy hujjat tasdiqlandi. Korrupsiyaviy xatti-harakatlar haqida anonim murojaatlarni qabul qilish imkonini beruvchi 6 ta aloqa kanali ishga tushirilib, keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Shuningdek, xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha doimiy monitoring tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

Tadbirda Markaz faoliyatida ISO 37001:2025 – Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi xalqaro standartini bosqichma-bosqich joriy etish jarayoni boshlangani ham qayd etildi. Mazkur standartni joriy etish orqali tashkilot faoliyatida korrupsiyaning oldini olish, xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda halollik tamoyillariga asoslangan boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha xalqaro talablarga mos mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.