Jizzaxda narkotik va psixotrop moddalarning muomalasini tartibga solish bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi majlislar zalida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi vakillari ishtirokida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni tartibga soluvchi qonun va qoidalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tegishli davlat organlari, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari rahbarlari hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminar davomida Prezidentimizning 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-207-son Farmonining asosiy yo‘nalishlari, unda belgilangan vazifalar va tizim oldida turgan yangi talablar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasiga oid barcha normativ-huquqiy hujjatlarning viloyatdagi tibbiyot muassasalariga to‘liq yetkazilishi, ushbu vositalarning saqlanishi, ularga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash tartiblari, tibbiy maqsadlarda qo‘llash qoidalari, berish jarayonlari, hisobini yuritish hamda yo‘q qilish mexanizmlari muhokama qilindi.
Ushbu jarayonlarda ortiqcha byurokratiyani kamaytirish, nazorat mexanizmlarini mustahkamlash, xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etish, hujjatlarni to‘liq va to‘g‘ri yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Idoralararo axborot almashinuvini raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish va korrupsion xavf omillarini bartaraf etish zarurligi ham alohida qayd etildi.
Seminar yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tizimli nazoratni takomillashtirishga qaratilgan kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.