Yevropa–O‘zbekiston biznes assosatsiyasi davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda EUROUZ Sog‘liqni saqlash va hayotiy fanlar qo‘mitasi tomonidan sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda davlat tashkilotlari, farmatsevtika va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, konsalting agentliklari hamda xalqaro hamkorlardan iborat 50 dan ortiq mutaxassis qatnashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va hayotiy fanlar sektoridagi eng muhim masalalar — dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi, sertifikatlash mexanizmlarini takomillashtirish, narxlarni tartibga solish, innovatsion terapiyalarni moliyalashtirish, shuningdek, noqonuniy va soxta farmatsevtika mahsulotlari aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb masalalar keng muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun EUROUZ — Yevropa–O'zbekiston biznes assosisasiya bo‘lib, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsion muhitni yaxshilash va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi mustaqil, notijorat tashkilot hisoblanadi.
Tadbir davomida EUROUZ Qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash bo‘yicha “Oq qog‘oz” loyihasini taqdim etdi. Hujjatda O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi hamkorligini yanada chuqurlashtirish, tartibga solish jarayonlarini xalqaro amaliyot asosida takomillashtirish va sog‘liqni saqlash tizimida barqaror islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.
Davra suhbatida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Markaz vakillari dori vositalari sifatini ta’minlash, xavfsizlik monitoringi, xalqaro standartlarga moslashtirish, digitalizatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda global regulyatorlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ushbu muloqot O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimida ochiqlik, hamkorlik va xalqaro standartlarga moslashuv jarayonlari izchil davom etayotganini yana bir bor namoyon etadi.