Tibbiyot sohasining fidoyi xodimlari!
Sizlarni — Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman! Sog‘lom jamiyat — kuchli davlatning poydevoridir. Shu ulug‘ maqsad yo‘lida har kuni inson hayotini asrash, sog‘ligini tiklash va farovonligini ta’minlash uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan siz, aziz soha vakillari, haqiqiy qahramonlarsiz.
Bugun mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarda sizning bilim va tajribangiz, mehnatsevarligingiz, insoniy fazilatlaringiz beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi jamoasi nomidan har biringizni samimiy tabriklaymiz. Inson sog‘lig‘iga xizmat qilish — eng ulug‘ va sharafli burchdir. Shu burchni sidqidildan ado etayotgan barcha tibbiyot xodimlariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan
Alisher Temirov, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori